Ру Ўз O`z En

“O‘ZAGROINSPEKSIYA” TOMONIDAN 2024-YIL DAVOMIDA AMALGA OSHIRILGAN ISHLAR

6 Aprel 2025 115

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspeksiyasi tomonidan qishloq xo‘jaligi sohasidagi qonunchilik talablariga rioya etilishi yuzasidan quyidagi ishlar amalga oshirildi.

 

Qishloq xo‘jaligi sohalaridagi qonun va qonunosti hujjatlariga rioya qilinishi va ijrosi yuzasidan Inspeksiya tomonidan 83 408 ta monitoringlar o‘tkazilib, tashkilot va korxonalarga 93 172 ta ogohnomalar kiritildi.

9 213 ta xo‘jalik yurituvchi subyektlarda profilaktika tadbirlari o‘tkazilib, amaliy yordamlar ko‘rsatildi.

Shuningdek, 17 886 ta o‘tkazilgan tekshirishlar davomida aniqlangan qonunbuzilish holatlari yuzasidan Inspeksiya vakolati doirasida huquqbuzarlarga nisbatan 8 640 ta holatda 7 913 mln. so‘m ma’muriy jarimalar qo‘llanilgan.

Shu bilan birga, 4 258 ta taqdimnomalar tegishli tashkilot va idoralarga kiritildi, 1 881 ta materiallar qonuniy qaror qabul qilish uchun sud va boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organlarga yuborilgan.

Qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlardan foydalanishni nazorat qilish sohasida qishloq xo‘jaligi yerlaridan maqsadli foylanilishi bo‘yicha monitoringlar olib borilib, 2 199 ta holatda 667 gektar yer maydonlarida qonunbuzilish holatlari aniqlanib, ularga nisbatan qishloq xo‘jaligi yer maydonlarini o‘zboshimchalik bilan qishloq xo‘jaligi muomalasidan chiqarilganligi sababli 303,5 mlrd. so‘m miqdorida qishloq xo‘jaligiga yetkazilgan zarar hisoblandi.

Jumladan, 1 623 ta holatda 169 gektar maydonda o‘zboshimchalik bilan qurilish qurish, 441 ta holatda yerdan foydalanuvchi tomonidan o‘ziga ajratilgan yer maydonining 109 gektarida ruxsatsiz qurilish qurish, 75 ta holatda 128 gektar maydonda ruxsatsiz tuproqni unumdor qatlamiga zarar yetkazish, 60 ta holatda 261 gektar maydonda qonuchilik hujjatlariga zid ravishda yer ajratish natijasida zarar yetkazilgan.

Qishloq xo‘jaligi ekinlari navlarini joylashtirish, nav sofligi va urug‘larning sifati sohasidagi davlat siyosatining ijro qilinishi, urug‘larni tayyorlash, qayta ishlash, saqlash, sertifikatlash va ulardan foydalanishda texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlar talablariga muvofiq amalga oshirilishi ustidan nazorat tadbirlari amalga oshirildi.

Xususan, 2024-yilda o‘tkazilgan aprobasiya tadbirlarida 2 741 ta subyektlarning 34,4 ming gektar urug‘lik (paxta, g‘alla, kartoshka) maydonlari navdorligi ko‘rsatkichlari past bo‘lganligi uchun yaroqsiz qilindi va sifatsiz urug‘liklar jamg‘arilishining oldi olindi.

Qishloq xo‘jaligi ekinlari urug‘liklarini tayyorlanishida 4,3 ming tonna (86 ming gektar) urug‘lik chigit, 4,9 ming tonna (24,3 ming gektar) urug‘lik don va 479 tonna (170 gektar) urug‘lik kartoshka standart talablariga javob bermaganligi uchun nomuvofiq topilib, realizasiya qilinishi to‘xtatildi va qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtiruvchilarga katta miqdordagi iqtisodiy zarar yetkazilshi oldi olindi.

Shu bilan birga, 211,4 ming tonna urug‘lik donni nav va avlodlar bo‘yicha alohida maydonchalarga jamg‘arilishi nazorat qilindi.

Shuningdek, 93,5 ming tonna urug‘lik paxta, shundan 90,5 ming tonna mahalliy, 3 ming tonna xorijiy paxta navlari qabul qilish maskanlarida nav va avlodlar bo‘yicha alohida jamg‘arililishi nazorat qilindi.

Paxta xom-ashyosi, don va uni qayta ishlashdan olingan mahsulotlardan foydalanishni nazorat qilish sohasida, 2024-yil uchun davlat resursiga qabul qilingan 2 mln. 551 ming 241 tonna boshoqli donni, shundan, tayyorlangan bug‘doyning 2 mln. 367 ming 947 tonnasi yoki 92,9 foizi 3-sinfga, 5 ming 963 tonnasi yoki 0,2 foizi 4-sinfga, 177 ming 331 tonnasi yoki 6,9 foizi 5-sinfga qabul qilinishi nazorat qilindi.

Don korxonalari tomonidan kelib tushgan 245 ta f-30 shakldagi tozalov dalolatnomalari o‘rganilib tegishli xulosalar berildi.

Davlat ehtiyojidagi donlardan oqilona va maqsadli foydalanilishini ta’minlash, mamlakat ichida sotishda, eksport-import jarayonlarida me’yoriy hujjatlarga rioya etilayotganligini nazorat qilish bo‘yicha 2024-yilda import qilingan 873 ming 23 tonna don mahsulotlarini hamda 39 313 tonna un mahsulotlarining sifati tahlil qilinib, tegishli xulosalar berildi.

Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 17-yanvardagi PQ-3479-son qaroriga asosan yog‘-moy korxonalarining paxta texnik chigitini to‘liq texnologik siklda maqsadli qayta ishlaganligi hamda ularning mahsulot sifatini tasdiqlovchi gigiyenik xulosa va muvofiqlik sertifikatlariga ega ekanligi yuzasidan 50 ta yog‘- moy korxonalarda o‘tkazilgan nazorat tadbirlarida 28 tasining faoliyati belgilangan talablarga muvofiq emasligi aniqlanib, sifatsiz yog‘ ishlab chiqarilishining oldini olish choralari ko‘rildi.

2025-yil hosili uchun kuzgi boshoqli don ekinlarini parvarishi bo‘yicha hududlarda 8 243 ta nazorat tadbirlari o‘tkazilib, ushbu tadbirlar davomida 9 202 ta fermer xo‘jaliklarining 59 ming gektar maydonlarida agrotexnik tadbirlar kechiktirilgan yoki sifatsiz amalga oshirilganligi aniqlandi.

Jumladan, 2 036 ta fermer xo‘jaliklarining 10 ming gektar maydonida g‘alla siyrak unib chiqqanligi, joylarda sifatsiz yer tayyorlab don ekkan 690 ta fermer xo‘jaliklarining 3,1 ming gektar g‘alla maydonlari bugungi kunda rivojdan orqada qolganligi, shuningdek, 1 780 ta fermer xo‘jaliklari tomonidan 9,8 ming gektar maydonda sug‘orish ishlari sifatsiz o‘tkazilganligi, 4 353 ta fermer xo‘jaliklari tomonidan 33 ming gektar g‘alla maydonlariga mahalliy o‘g‘it chiqarmaganligi aniqlangan.

Ushbu holatlarni bartaraf etish maqsadida, soha mas’ullariga 167 ta taqdimnoma kiritilib, g‘allachilik fermer xo‘jaliklariga 8 013 ta ogohlantirishlar berildi.

Qishloq xo‘jaligi texnikalarini nazorat qilishda, “Texnikalar hisobi” to‘g‘risidagi ma’lumotlar almashuvida 6 turdagi yagona interaktiv davlat xizmatlaridan foydalanish uchun “my.gov.uz” portalida murojaat qilish imkoniyati yaratildi va 16 ta vazirlik idoralarning axborot tizimiga integratsiya qilinib, so‘rovlarga elektron javoblar berilishi yo‘lga qo‘yildi.

Natijada 359 ming qishloq xo‘jaligi texnikalarining elektron bazasi yaratildi.

2024-yilda qishloq xo‘jaligi, melioratsiya va yo‘l qurilish texnikalariga 36,9 mlrd. so‘mlik davlat xizmatlari ko‘rsatilgan.

Xususan, 183 054 dona qishloq xo‘jaligi, melioratsiya va yo‘l qurilish texnikalari yillik texnik ko‘rikdan hamda 36 849 dona davlat ro‘yxatidan va qayta ro‘yxatdan o‘tkazildi.

Qishloq xo‘jaligi, melioratsiya va yo‘l qurilish texnikalariga davlat ro‘yxatiga olinganligi to‘g‘risida 76 791 dona texnik pasport va 39 267 dona davlat raqam belgisi hamda 15 561 dona texnik guvohnoma, 20 033 dona traktorchi-mashinist guvohnomalari rasmiylashtirib berilgan.

Shu bilan birga, qishloq xo‘jaligi texnikalarini, jumladan 3 156 dona g‘alla o‘rish kombaynlarini, 1 262 dona don ekish seyalkalar, 3 500 dona purkagichlar, 15 281 dona transport traktorlari, 24 280 dona tirkamalar, 1 464 dona paxta terish mashinalari hamda 5 814 dona haydov traktorlarini mavsumga tayyorlash va samarali ishlashi ustidan nazorat qilindi.

Jismoniy va yuridik shaxslar tomonidan Inspeksiyaning ishonch raqami va boshqa tarmoqlar orqali jami 1 230 ta murojaatlar kelib tushgan bo‘lib, shundan 932 tasi ko‘rib chiqilgan va 318 tasi qanoatlantirilgan, 604 tasiga tushuntirish berilgan.

Shuningdek, sohaga oid muammolarni joyiga chiqqan holda muloqot qilish orqali o‘rganish hamda ularni hal etish maqsadida o‘tkazilgan sayyor qabul va uchrashuvlarda 41 831 nafar jismoniy va yuridik shaxslarning vakillari qabul qilinib, ularning muammolariga joyida yechim topilgan.

Text to speech