“O‘zagroinspeksiya” tomonidan 2025-yil g‘alla hosilini qabul qilishda ishtirok etadigan don qabul qiluvchi korxonalarning moddiy-texnika bazasini mavsumga tayyorlash ishlari ustidan doimiy nazorat o‘rnatildi.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 12-iyuldagi “O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspeksiyasi faoliyatini tartibga soluvchi normativ-huquqiy hujjatlarni tasdiqlash to‘g‘risida”gi 575-son qarorida yuklatilgan vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari tomonidan tasdiqlangan “Tijorat vakillari”ning g‘alla qabul qilish mavsumiga moddiy-texnika bazasini tayyorgarligi o‘rganib chiqildi.
Bugungi kun holatiga donni qabul qiluvchi korxonalar, filiallar va shoxobchalardagi mavjud 3599,2 ming tonna don saqlash sig‘imlarining 82 foizi, 524,9 ming tonna donni saqlashga rejalashtirilgan ayvonlarning 83 foizi, 1 mln. 817 ming kvadrat asfalt maydonlarining 81 foizi, mavjud 188 ta laboratoriyalarning 83 foizi, 57 ta urug‘lik sexlarining 85 foizi, 56 ta avtoag‘dargichlarni 80 foizi, 261 ta avtomobil va vagon tarozilarining 84 foizi, 709 ta ko‘chma uzatuvchi transportyorlarning 79 foizi mavsumga tayyorlangan.
Jumladan, mavsumga moddiy-texnika bazasini tayyorlash ishlari Navoiy, Namangan va Xorazm viloyatlarida to‘liq 100 foiz, Buxoro Qashqadaryo va Surxondaryo viloyatlarida 90 foizga yakunlangan.
Qolgan hududlarda ham g‘alla hosilini qabul qilish mavsumiga moddiy-texnika bazasi va laboratoriya jihozlarining tayyorgarlik ishlarini qisqa muddatlarda yakunlash bo‘yicha tegishli zarur ishlar olib borilmoqda.
“Tijorat vakillari”ning joriy yil g‘alla hosilini qabul qilish mavsumiga moddiy-texnika bazasini tayyorgarligi bo‘yicha joylardagi “O‘zagroinspeksiya” mutaxassislari tomonidan kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha amaliy yordam ko‘rsatib kelinmoqda.
Shuningdek, joriy yilning 10-mayiga qadar g‘alla qabul qilish mavsumiga tayyorgarlik ishlarini yakunlash choralari ustidan kunlik nazorat o‘rnatildi.
Paxta xom-ashyosi, don va uni qayta ishlashdan olingan mahsulotlardan foydalanishni nazorat qilish boshqarmasi