Oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash, qishloq xo‘jaligi ekinlaridan mo‘l hosil olishda soha vakillari oldida doimo ulkan mas’uliyat turadi.
Ayniqsa, pishib yetilish arafasida turgan g‘alla hosilini nest-nobud qilmay, qisqa muddatlarda sifatli qilib o‘rib olish hozirda nafaqat dehqonlarimiz balki sohaga aloqador tashkilotlar oldida turgan eng dolzarb vazifalardan biri sanaladi.
“O‘zagroinspeksiya”ning Qoraqalpog‘iston Respublikasi boshqarmasi tomonidan tumanlarda 2025-yil g‘alla o‘rimida qatnashadigan don o‘rish kombaynlarini mavsumga tayyorlash ishlari ustidan doimiy nazorat o‘rnatilgan.
Joriy yilgi mavsumda Respublika bo‘yicha jami 157 dona don o‘rish kombaynlarini mavsumga tayyorlash rejalashtirilgan.
Ushbu kombaynlarning 37 donasi “Keys” va “Nyu Xolland”, 115 donasi “Klass”, 5 donasi “Vektor" rusumli kombaynlar tashkil etadi.
Bu yildan kombaynlarni mavsumga tayyorlashning yangi tizim joriy etilib, bunda avvalo hududlarda kombaynlarni markazlashgan holda sifatli ta’mirini tashkil etish maqsadida dislokatsiya manzillari aniqlab olindi.
Ushbu maskanlarda ta’mirlash uchun moddiy-texnika ta’minoti (temirchilik sexi, payvandlash apparati, stanoklar va boshqalar) bilan ta’minlandi, shuningdek, ta’mirlash ishlariga jalb etilgan ishchi-xizmatchilar uchun issiq ovqat va boshqa shart-sharoitlar tashkil etildi.
Ta’mirlash maskanlariga kiritilgan 157 dona kombaynlar servis korxonalari mutaxassislari ishtirokida birma-bir ko‘zdan kechirilib, jami 3152,0 mln/so‘mlik talab etiladigan ehtiyot qismlari ro‘yxati shakllantirilib, har bir kombaynga alohida defekt aktlari tuzildi va ushbu defekt aktlari asosida ta’mirlash ishlariga kirishildi.
Ta’mirlash ishlarining tizimli tashkil etilishi natijasida, bugungi kun holatiga 143 dona yoki 91 foiz kombaynlarning ta’mirlash ishlari yakunlanib, 2858,8 mln/so‘mlik ehtiyot qismlari uchun talab etiladigan mablag‘lari o‘zlashtirildi.
Jumladan, Amudaryo tumanida mavsumda qatnashadigan g‘alla o‘rish kombaynlari to‘liq ta’mirdan chiqarilib, hududiy komissiyalar tomonidan 10-15 km masofaga yurgizilib, ularning ishchi organlari chiniqtirilib, mavsumga qay darajada shay holatda ekanligi o‘rganildi.
Shuningdek, ta’mirlanishi lozim bo‘lgan g‘alla o‘rish kombaynlariga tajribali mutaxassislar biriktirilib, ta’mirlash ishlarini qisqa kunlar ichida yakunlash choralari ko‘rilmoqda.
Respublikada ta’mirdan chiqqan g‘alla o‘rish kombaynlarini belgilangan tartibda texnik ko‘rikdan o‘tkazish tadbirlari amalga oshirilmoqda.
“O‘zagroinspeksiya”ning Qoraqalpog‘iston Respublikasi boshqarmasi
Texnika holatini nazorat qilish sho‘basi boshlig‘i - Azat AYTJANOV